Asosiy mazmunga ötiş

Nima yangi v1.6.4 · 25-oktabr

Hamma versiyalar →
Qidiriş…Ctrl K

    Şrift ölçami

    Karantin

    Manba: ÖzME, 4-jild (2000–2005), «Özbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy naşriyoti · elektron nusxa: ziyouz.com kutubxonasi, 146–148-b. — ziyouz.com

    Karantin (ital. quarantena — qirq kun), karantinlaş — 1) tibbiyotda — öta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalişini çeklaşga karatilgan epidemiyaga qarşi ma'muriy va sanitariya tadbirlari majmui. K. ma'lum hududni kasallik tarkatuvçi manbadan muhofaza qiliş va uni yöqotişga hamda kasallikning bir joydan boşqa hududlarga tarqalib ketişiga yöl qöymaslikka qaratilgan profilaktik tadbir hisoblanadi. Şu maqsadda K. e'lon qilingan joyda aholi orasida hamma turdagi aloqa, bordi-keldi keskin çeklanadi. K. epidemiyaga qarşi kuraşiş favqulodda komissiya tomonidan e'lon qilinadi va «Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari» (konvensiya) asosida amalga oşiriladi. Bu hujjat dastlab 1951 y. Parijda Jahon soğliqni saqlaş taşkiloti (JSST)ning 4-sessiyasida qabul qilingan. 1973 va 1981 y.larda bu hujjatga JSSTning 26 va 34-sessiyalarida qöşimçalar kiritilgan.

    K. birinçi marta 14-a.da Italiyada qöllanilgan. Şunda ölat tarqalgan yurtdan kelgan kema 40 kungaça qirğoqqa yaqinlaştirilmasdan dengizda uşlab turilgan. Dastlab K. juda köp kasalliklarda qilinar, hatto, unçalik xavfli bölmagan qizilça (skarlatina) kasalligida ham bemor 40 kun alohida xonada uşlab turilardi. Hoz. K. öta xavfli yuqumli kasalliklar: toun (ölat), sariq isitma; kana va çivin orqali tarqaladigan virusli gemorragik isitmalar: Marburg, Ebol va Laas isitmalari, Denge, Çikugunya, Rift vodiysi, Ğarbiy Nil isitmasi va ensefalit kasalligida e'lon qilinadi. «Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari»ga asosan, K. aeroport va dengiz portlarida hamda avtomobil yöllarida joylaşgan sanitariya — karantin punktlari xodimlari tomonidan amalga oşiriladi. Bunda K. kasallik tarqalgan öçokdan kelgan transport vositasi, ekipaj a'zolari va yölovçilar salomatligi tekşiriladi, zarurat bölganida ularning badani közdan keçiriladi. «Dengiz sanitariya deklaratsiyasi» va «Samolyot deklaratsiyasi»ning sanitariya qismini, şuningdek, deratizatsiya (kemiruvçilarga qarşi tadbirlar) ötkazilgani töğrisidagi guvohnoma, transport vositasi içida kemiruvçilar bor-yöqligini aniqlaş uşbu xizmat xodimlarining vazifasi hisoblanadi. Zarurat bölganida dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlari amalga oşiriladi.

    Bemor b-n muloqotda bölganlar yuqumli kasalliklar şifoxonalari va izolyatorlarda alohidalanib, kasallikning yaşirin davri ötgunça, mas, ölatda 6 kungaça tibbiy kuzatuv ostida böladi. Bu davrda ma'lum profilaktik davolaş kursi belgilanadi.

    2)Ösimliklar himoyasida — mamlakat hududiga q.x. ekinlarining juda xavfli zararkunandalari, kasallik qözğatuvçilari va begona ötlarning kirib kelişidan himoya qiliş va zararlaniş öçoqlarini aniqlaş, ihotalaş va yöqotişga qaratilgan davlat çora-tadbirlari tizimi. Hisob-kitoblarga qaraganda ösimlik zararkunandalari va kasalliklari jahon böyiça oziq-ovqat ekinlari potensial hosilining 20—25% ni yöq qiladi. Mamlakatlararo savdo-iqtisodiy aloqalarning kengayişi darajasiga qarab bir mamlakatda uçramaydigan zararkunandalar, kasalliklar va begona ötlar turlarining boşqasiga kirib kelişi xavfi ortib boradi. Mas, uruğlik va köçatlar, q.x. xom aşyosi va b. yöllar b-n Amerikadan Yevropaga filloksera (tok biti), qizilqon bit, köpgina çervetslar, Kolorado kartoşka qönğizi, kartoşka fitoftorasi, zarpeçak, ambroziya kabi begona ötlar kelib qolgan, öz navbatida, Yevropa va b. mamlakatlardan Amerikaga gessen paşşasi, yapon qönğizi, don qönğizi, sitrus mevalar raki va b. tarqalgan.

    Ösimliklar K. böyiça birinçi qonun Fransiyada ğalla ekinlari poya zangi epifitotiyasi munosabati b-n qabul qilingan (1660). AQŞda filliokseraga qarşi kuraş zarurati tufayli 1881 y.da birinçi qonun kuçga kirdi. 1870— 1915 y.larda q.x. rivojlangan Germaniya, Fransiya, Avstraliya, Avstriya, AQŞ, Meksika va b.da K. böyiça qonunlar qabul qilindi. 20-a.ning 70-y.larida 100 dan ortiq mamlakatda K. qoidalari işlab çiqildi va bu qoidalarning bajarilişini nazorat qiladigan muassasalar barpo qilindi. Sobiq SSSRda 1931 y.da K. xizmati yölga qöyildi. Şu yili K. kasalliklar va zararkunandalarning, 1935 y.da K. begona ötlarning birinçi röyxati tasdiqlandi.

    1932 y. Özbekiston Respublikasi Qişloq xöjaligi vazirligi qoşida Respublika ösimliklar karantin davlat inspeksiyasi xizmati taşkil qilindi. Özbekiston Respublikasining «Ösimliklar karantini töğrisida» qonuni 1995 y. 31 avgustda kabul qilindi. Ösimliklar K. tadbirlari böyiça MDH doirasida Özbekiston ham qöşilgan davlatlararo şartnoma imzolangan (1992). Özbekistonda ösimliklar karantini böyiça davlat xizmatini Qişloq va suv xöjaligi vazirligi qoşidagi ösimliklar karantini Boş davlat inspeksiyasi («Özboşdavkarantin») bajaradi.

    Özbekiston q.x. tarixida körilgan qat'iy çoralarga qaramay respublika hududiga boşqa mamlakatlardan köp turdagi öta xavfli K.dagi zararli obyektlarning ötib qolişi holatlari kuzatilgan. 1939 y.da Yaponiyadan keltirilgan tut köçati b-n komstok qurti, 1964 y.da kaliforniya qalqondori, 1972 y.da Kolorado qönğizi, 1980 y.da issiqxona oqqanoti (q. Oqqanotlar), 1981 y.da Turkiyadan tört doğli donxör, 1983 y.da şarq meva qurti va b. tarqaldi va ular q.x.ga katta iqtisodiy zarar keltirmokda.

    21-a. boşida K. kuraş tadbirlari qöllaniladigan xalqaro röyxatga 300 dan ortiq turdagi öta xavfli ösimliklar K.i obyektlari kiritilgan. Ularning 66 tasi ösimliklar zararkunandalari (ğöza kuyasi, osiyo ğöza tunlami, amerika oq kapalagi, apelsin qalqondori, ildiz qurti va b.), 41 tasi zamburuğli, nematodali, bakteriyali, virusli ösimliklar kasalliklari (ğöza antraknozi, kartoşka raki, parmalovçi nematoda, makkajöxori vilt kasalligi va b.) dir. Özbekistonda 143 turdagi K. obyektlari röyxatga olingan. Şulardan 12 ta turi kam tarqalgan.

    3) Veterenariyada — hayvonlarning öta yuqumli, tez tarqaliş xususiyatiga ega bölgan va katta iqtisodiy zarar keltiradigan kasalliklari öçoqlarini çegaralaş va yöq qiliş böyiça tadbirlar majmui.

    Xalqaro epizootiya byurosi röyxatiga köra (Boş sessiya, 1983), oqsim, brutsellyoz, sil, vezikulyar stomatit, kuydirgi, Auyeski kasalligi; qoramollarda — ölat, öpkaning umumiy yalliğlanişi, qorason (emfizematoz karbunkul), tuyalarda — ölat va çeçak; otlarda — manka, epizootik limfangit, yuqumli anemiya, ensefalomiyelit, kontagioz plevropnevmoniya, ölat, yuqumli rinopnevmoniya; parrandalarda — nyukasl kasalligi, pasterrelyoz, içak difterita, mikoplarioz, çeçak; soxta ölat, asalarida — amerika va yevropa çiriş kasalligi; eçkilarda — yuqumli plevropnevmoniya, qöylarda — ölat, Rift vodiysi isitmasi, qöylarning kataral isitmasi, qöylarning çeçagi, çöçqalarda — klassik ölat, Teşen kasalligi va b. K. tadbirlari joriy etiladigan kasalliklarga kiradi.

    Özbekistonda köpgina çorva hayvonlarining yuqumli kasalliklari tugatilgan, köpçiligi esa tarqalmagan. Oqsim, otlarning yuqumli anemiyasi çeklangan hollarda uçraydi.

    Veterenariya amaliyotda kasallikning tarqaliş va xavflilik darajasidan kelib çiqqan holda, ayrim xonadon, ferma, poda, asalari oilalari, suv xavzasi, xöjalik, aholi yaşaş punktlari, tuman, şahar, viloyat, respublika hududlariga tegişli hujjatlar asosida K. qöyiladi.

    K. tadbirlari har bir kasallikni tugatiş böyiça tegişli körsatma va yöriqnoma asosida ötkazilib, hayvonlarni K. hududiga kiritiş, çiqariş, mahsulot tayyorlaş, yarmarka, bozorlarda mol sotiş taqiklanadi. K. belgisi çegaraga osib qöyiladi va krrovul posti taşkil etilib, kirib-çiqiş tartibga solinadi.

    Şonosir Şovahobov, Sulton Alimuhamedov, Hoşim Nurmamatov.

    Q.: Oqqanotlar

    Asl matn (kirill, PDF'dagidek)

    КАРАНТИН (итал. quarantena — қирқ кун), карантинлаш — 1) тиббиётда — ўта хавфли юқумли касалликлар тарқалишини чеклашга каратилган эпидемияга қарши маъмурий ва санитария тадбирлари мажмуи. К. маълум ҳудудни касаллик таркатувчи манбадан муҳофаза қилиш ва уни йўқотишга ҳамда касалликнинг бир жойдан бошқа ҳудудларга тарқалиб кетишига йўл қўймасликка қаратилган профилактик тадбир ҳисобланади. Шу мақсадда К. эълон қилинган жойда аҳоли орасида ҳамма турдаги алоқа, борди-келди кескин чекланади. К. эпидемияга қарши курашиш фавқулодда комиссия томонидан эълон қилинади ва «Халқаро тиббий-санитария қоидалари» (конвенция) асосида амалга оширилади. Бу ҳужжат дастлаб 1951 й. Парижда Жаҳон соғлиқни сақлаш ташкилоти (ЖССТ)нинг 4-сессиясида қабул қилинган. 1973 ва 1981 й.ларда бу ҳужжатга ЖССТнинг 26 ва 34-сессияларида қўшимчалар киритилган.

    К. биринчи марта 14-а.да Италияда қўлланилган. Шунда ўлат тарқалган юртдан келган кема 40 кунгача қирғоққа яқинлаштирилмасдан денгизда ушлаб турилган. Дастлаб К. жуда кўп касалликларда қилинар, ҳатто, унчалик хавфли бўлмаган қизилча (скарлатина) касаллигида ҳам бемор 40 кун алоҳида хонада ушлаб туриларди. Ҳоз. К. ўта хавфли юқумли касалликлар: тоун (ўлат), сариқ иситма; кана ва чивин орқали тарқаладиган вирусли геморрагик иситмалар: Марбург, Эбол ва Лаас иситмалари, Денге, Чикугунья, Рифт водийси, Ғарбий Нил иситмаси ва энцефалит касаллигида эълон қилинади. «Халқаро тиббий-санитария қоидалари»га асосан, К. аэропорт ва денгиз портларида ҳамда автомобиль йўлларида жойлашган санитария — карантин пунктлари ходимлари томонидан амалга оширилади. Бунда К. касаллик тарқалган ўчокдан келган транспорт воситаси, экипаж аъзолари ва йўловчилар саломатлиги текширилади, зарурат бўлганида уларнинг бадани кўздан кечирилади. «Денгиз санитария декларацияси» ва «Самолёт декларацияси»нинг санитария қисмини, шунингдек, дератизация (кемирувчиларга қарши тадбирлар) ўтказилгани тўғрисидаги гувоҳнома, транспорт воситаси ичида кемирувчилар бор-йўқлигини аниқлаш ушбу хизмат ходимларининг вазифаси ҳисобланади. Зарурат бўлганида дезинфекция, дезинсекция ва дератизация тадбирлари амалга оширилади.

    Бемор б-н мулоқотда бўлганлар юқумли касалликлар шифохоналари ва изоляторларда алоҳидаланиб, касалликнинг яширин даври ўтгунча, мас, ўлатда 6 кунгача тиббий кузатув остида бўлади. Бу даврда маълум профилактик даволаш курси белгиланади.

    2)Ўсимликлар ҳимоясида — мамлакат ҳудудига қ.х. экинларининг жуда хавфли зараркунандалари, касаллик қўзғатувчилари ва бегона ўтларнинг кириб келишидан ҳимоя қилиш ва зарарланиш ўчоқларини аниқлаш, иҳоталаш ва йўқотишга қаратилган давлат чора-тадбирлари тизими. Ҳисоб-китобларга қараганда ўсимлик зараркунандалари ва касалликлари жаҳон бўйича озиқ-овқат экинлари потенциал ҳосилининг 20—25% ни йўқ қилади. Мамлакатлараро савдо-иқтисодий алоқаларнинг кенгайиши даражасига қараб бир мамлакатда учрамайдиган зараркунандалар, касалликлар ва бегона ўтлар турларининг бошқасига кириб келиши хавфи ортиб боради. Мас, уруғлик ва кўчатлар, қ.х. хом ашёси ва б. йўллар б-н Америкадан Европага филлоксера (ток бити), қизилқон бит, кўпгина червецлар, Колорадо картошка қўнғизи, картошка фитофтораси, зарпечак, амброзия каби бегона ўтлар келиб қолган, ўз навбатида, Европа ва б. мамлакатлардан Америкага гессен пашшаси, япон қўнғизи, дон қўнғизи, цитрус мевалар раки ва б. тарқалган.

    Ўсимликлар К. бўйича биринчи қонун Францияда ғалла экинлари поя занги эпифитотияси муносабати б-н қабул қилинган (1660). АҚШда филлиоксерага қарши кураш зарурати туфайли 1881 й.да биринчи қонун кучга кирди. 1870— 1915 й.ларда қ.х. ривожланган Германия, Франция, Австралия, Австрия, АҚШ, Мексика ва б.да К. бўйича қонунлар қабул қилинди. 20-а.нинг 70-й.ларида 100 дан ортиқ мамлакатда К. қоидалари ишлаб чиқилди ва бу қоидаларнинг бажарилишини назорат қиладиган муассасалар барпо қилинди. Собиқ СССРда 1931 й.да К. хизмати йўлга қўйилди. Шу йили К. касалликлар ва зараркунандаларнинг, 1935 й.да К. бегона ўтларнинг биринчи рўйхати тасдиқланди.

    1932 й. Ўзбекистон Республикаси Қишлоқ хўжалиги вазирлиги қошида Республика ўсимликлар карантин давлат инспекцияси хизмати ташкил қилинди. Ўзбекистон Республикасининг «Ўсимликлар карантини тўғрисида» қонуни 1995 й. 31 августда кабул қилинди. Ўсимликлар К. тадбирлари бўйича МДҲ доирасида Ўзбекистон ҳам қўшилган давлатлараро шартнома имзоланган (1992). Ўзбекистонда ўсимликлар карантини бўйича давлат хизматини Қишлоқ ва сув хўжалиги вазирлиги қошидаги ўсимликлар карантини Бош давлат инспекцияси («Ўзбошдавкарантин») бажаради.

    Ўзбекистон қ.х. тарихида кўрилган қатъий чораларга қарамай республика ҳудудига бошқа мамлакатлардан кўп турдаги ўта хавфли К.даги зарарли объектларнинг ўтиб қолиши ҳолатлари кузатилган. 1939 й.да Япониядан келтирилган тут кўчати б-н комсток қурти, 1964 й.да калифорния қалқондори, 1972 й.да Колорадо қўнғизи, 1980 й.да иссиқхона оққаноти (қ. Оққанотлар), 1981 й.да Туркиядан тўрт доғли донхўр, 1983 й.да шарқ мева қурти ва б. тарқалди ва улар қ.х.га катта иқтисодий зарар келтирмокда.

    21-а. бошида К. кураш тадбирлари қўлланиладиган халқаро рўйхатга 300 дан ортиқ турдаги ўта хавфли ўсимликлар К.и объектлари киритилган. Уларнинг 66 таси ўсимликлар зараркунандалари (ғўза куяси, осиё ғўза тунлами, америка оқ капалаги, апельсин қалқондори, илдиз қурти ва б.), 41 таси замбуруғли, нематодали, бактерияли, вирусли ўсимликлар касалликлари (ғўза антракнози, картошка раки, пармаловчи нематода, маккажўхори вилт касаллиги ва б.) дир. Ўзбекистонда 143 турдаги К. объектлари рўйхатга олинган. Шулардан 12 та тури кам тарқалган.

    3) Ветеренарияда — ҳайвонларнинг ўта юқумли, тез тарқалиш хусусиятига эга бўлган ва катта иқтисодий зарар келтирадиган касалликлари ўчоқларини чегаралаш ва йўқ қилиш бўйича тадбирлар мажмуи.

    Халқаро эпизоотия бюроси рўйхатига кўра (Бош сессия, 1983), оқсим, бруцеллёз, сил, везикуляр стоматит, куйдирги, Ауески касаллиги; қорамолларда — ўлат, ўпканинг умумий яллиғланиши, қорасон (эмфизематоз карбункул), туяларда — ўлат ва чечак; отларда — манка, эпизоотик лимфангит, юқумли анемия, энцефаломиелит, контагиоз плевропневмония, ўлат, юқумли ринопневмония; паррандаларда — ньюкасл касаллиги, пастеррелёз, ичак дифтерита, микоплариоз, чечак; сохта ўлат, асаларида — америка ва европа чириш касаллиги; эчкиларда — юқумли плевропневмония, қўйларда — ўлат, Рифт водийси иситмаси, қўйларнинг катарал иситмаси, қўйларнинг чечаги, чўчқаларда — классик ўлат, Тешен касаллиги ва б. К. тадбирлари жорий этиладиган касалликларга киради.

    Ўзбекистонда кўпгина чорва ҳайвонларининг юқумли касалликлари тугатилган, кўпчилиги эса тарқалмаган. Оқсим, отларнинг юқумли анемияси чекланган ҳолларда учрайди.

    Ветеренария амалиётда касалликнинг тарқалиш ва хавфлилик даражасидан келиб чиққан ҳолда, айрим хонадон, ферма, пода, асалари оилалари, сув хавзаси, хўжалик, аҳоли яшаш пунктлари, туман, шаҳар, вилоят, республика ҳудудларига тегишли ҳужжатлар асосида К. қўйилади.

    К. тадбирлари ҳар бир касалликни тугатиш бўйича тегишли кўрсатма ва йўриқнома асосида ўтказилиб, ҳайвонларни К. ҳудудига киритиш, чиқариш, маҳсулот тайёрлаш, ярмарка, бозорларда мол сотиш тақикланади. К. белгиси чегарага осиб қўйилади ва крровул пости ташкил этилиб, кириб-чиқиш тартибга солинади.

    Шоносир Шоваҳобов, Султон Алимуҳамедов, Ҳошим Нурмаматов.

    Matn ÖzME'dan o'zgartirişsiz olingan, faqat yozuvi yangi alifboga o'girilgan. Qisqartmalar asl holida. Xato ko'rsangiz — xabar bering.