GIPOFIZ (yun. hypophysis — ösiq), boş miyaning pastki ortiği — odam va umurtqali hayvonlar inki sekretsiya bezlaridan biri; u kalla suyagi asosidagi turk egarida joylaşadi bölib, gipofizar oyoqça deb atalgan maxsus tuzilma orqali boş miya b-n birikkan. Moddalar almaşinuvi, şuningdek, boşqa içki sekretsiya bezlari faoliyatini boşkaradigan bir qança peptid gormonlar işlab çiqaradi. Vazni 0,5—0,6 g. G.ning oldingi, örta va orqa bölagi bor. Oldingi bölak butun bezning 70% ni taşkil etadi, u qon tomirlari juda köp bölgan ziç bezsimon töqimadan iborat. Bu bölak boşqa bezlarga qaraganda gormonlar hosil qiliş jihatidan eng faol hisoblanadi. U 7 xil gormon ajratadi; bular orasida organizmni östiradigan gormon bor, u töqimalarda yuz beradigan biokimyoviy jarayonlarga bevosita ta'sir körsatadi; G.ning boşqa gormonlari içki sekretsiyaning boşqa bezlari orqali ta'sir etadi. Şu bois ular tropgormonlar (yun. tropos — yönaliş) deb nomlanadi. Bularga buyrak osti bezlari pöstloğining faoliyatini stimullovçi adrenokortikotrop; qalqonsimon bez faoliyatiga ta'sir qiluvçi tireotrop; jinsiy bezlarga ta'sir qiluvçi gonadotrop; sut bezlari funksiyasini stimullovçi prolaktin va b. kiradi. Örta bölak töqimalarda melanin pigmentining hosil bölişi va taqsimlanişini, közning tör pardasida esa köruv purpurini tartibga solib turadigan gormon işlab çiqaradi. Orqa bölak ança kiçik va miya gipofizar oyoqçasining göyo davomi hisoblanadi. Unda bezsimon töqima bölmaydi va tuzilişiga köra nerv töqimasiga juda uxşab ketadi. Şu sababli u neyro-gipofiz deb ataladi; bu bölak gormonlar ajratmaydi; u gormonlarning öziga xos yiğiladigan joyidir; bu yerda vazopressin va oksitotsin gormonlari tuplanib boradi, bular gipotalamus yadrolarida hosil bölib, u yerdan G.ning orqa bölagiga tuşadi. G. gormonlari oqsildan taşkil topgan, ularning kimyoviy tuzilişi aniqlangan va köpçiligi sintez qilingan. Ular endokrin va b. kasalliklarni davolaşda qöllaniladi. Moddalar almaşinuvi, gormonal regulyatsiya va ösişni nazorat qilişda G.ning ahamiyati muhim (q. Akromegaliya, Gigantizm, Pakanalik). Abdurahimon Mamadaliyev.
Manba: ÖzME, 3-jild (2000–2005), «Özbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy naşriyoti · elektron nusxa: ziyouz.com kutubxonasi, 341–342-b. — ziyouz.com